Yoshlarni vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash va kasbga yoʻnaltirish
Toshkent viloyati IIBB Kinologiya xizmati tomonidan IIV 2-sonli Akademik litseyida oʻquvchi yoshlar uchun amaliy chiqishlar namoyish etildi.
Bu tadbir yoshlarni kinologiya xizmati faoliyati bilan yaqindan tanishtirish va kelajakda ularni kasbga yoʻnaltirish, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida tashkil etildi.
Tadbirda kinologiya xizmati mutaxassislari xizmat itlarining jinoyatchilikka qarshi kurashdagi oʻrni va ishtiroki haqida soʻz yuritdilar. Itlar yordamida narkotik vositalarni aniqlash, jinoyatchilarni qidirish va turli tadbirlarda qanday yordam berishi boʻyicha amaliy namoyishlar oʻtkazildi. Bu koʻrsatmalar yoshlarda katta taassurot qoldirdi va kinologiya sohasiga boʻlgan qiziqishlarini yanada oshirdi.
Kinologiya xizmati bugungi kunda ichki ishlar tizimining muhim boʻgʻini boʻlib, jinoyatchilikka qarshi kurashda xizmat itlari juda samarali vosita hisoblanadi. Ular maxsus tayyorlov mashgʻulotlaridan oʻtkazilib, jinoyatlarni fosh etishda, turli favqulodda vaziyatlarda inson hayotini saqlab qolishda, xavfsizlikni taʼminlashda alohida ahamiyat kasb etadi.
Tadbir yakunida oʻquvchilarga xizmat itlarining har kungi hayoti va ularning faoliyati haqida qoʻshimcha maʼlumotlar berildi, shuningdek, yoshlarga kelgusida ushbu sohada ishlash uchun qanday malaka va koʻnikmalar kerakligi toʻgʻrisida tushunchalar berildi.
Bunday tadbirlar yosh avlodni nafaqat kinologiya xizmati faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, balki ularni vatanga sadoqatli, jamoat xavfsizligi va huquq-tartibotni taʼminlashga hissa qoʻshadigan inson etib tarbiyalashga xizmat qiladi.
IIBB Axborot xizmati.