Yoshlar o'rtasida “Sogʻlom avlod – xavfsiz jamiyat” shiori bilan targʻibot uchrashuvlari tashkil etilmoqda
Toshkent viloyatida giyohvandlikka qarshi kurashish yoʻnalishida oʻtkazilayotgan “Sogʻlom avlod – xavfsiz jamiyat” tezkor-profilaktik oyligi doirasida viloyatining barcha hududlarida keng koʻlamli targʻibot-tashviqot ishlari amalga oshirilmoqda. Davomi
Mazkur oylik doirada kuni kecha Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda Angren shahridagi 2-sonli politexnikumda yoshlar ishtirokida profilaktik tadbirlar tashkil etildi.
Tadbir davomida viloyat ichki ishlar bosh boshqarmasi masʼullari tomonidan talabalarga jinoyat sodir etganlik uchun jazoning muqarrarligi, shuningdek, giyohvandlik va psixotrop moddalarining inson salomatligiga, oila va jamiyat hayotiga salbiy taʼsiri haqida atroflicha tushuntirishlar berildi. Mavzuga oid videoroliklar namoyish etilib, giyohvandlikning ogʻir oqibatlari misollar asosida yoritib berildi.
Muloqot ochiq va samimiy ruhda oʻtkazilib, talabalarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi. Tadbir yakunida yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib etish, zararli illatlarga qarshi kurashda har bir fuqaroning faol pozitsiyasiga ega boʻlishi zarurligi alohida taʼkidlandi.
Bu kabi tadbirlar yoshlarning hayotga sogʻlom qarashlarini shakllantirish, ularni yot illatlardan asrash va jamiyatda xavfsiz muhitni mustahkamlash yoʻlida muhim ahamiyat kasb etmoqda.