Ichki ishlar organlarining yosh xodimlari va harbiy xizmatchilarini umummilliy maqsad – Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida yagona kuch sifatida birlashtirish maqsadida, 2025-yil iyun oyi Ichki ishlar organlari tizimida “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida “Yoshlar oyligi” deb eʼlon qilindi.
Mazkur oylik doirasida yosh xodimlar oʻrtasida intellektual bahslar, sport musobaqalari, madaniy-maʼrifiy uchrashuvlar, zamonaviy axborot texnologiyalari va kiberxavfsizlik boʻyicha amaliy mashgʻulotlar, mahalla yoshlari hamda taʼlim muassasalari oʻquvchilari bilan hamkorlikda targʻibot tadbirlari, “Vazir va yoshlar” ochiq muloqoti, sayohatlar, konsert va teatr tomoshalari, respublika miqyosidagi forum hamda xizmatda yuqori natijalarga erishgan yoshlarni taqdirlash marosimlari tashkil etilmoqda.
Jumladan, “Yoshlar oyligi” doirasida kuni kecha Boʻstonliq tumanidagi “Oqtosh” oromgohida “Zakovat” intellektual oʻyinining respublika bosqichi yuqori saviyada oʻtkazildi.
Mazkur bilim bellashuvida Ichki ishlar vazirligi tizimiga kiruvchi viloyat boshqarmalari va markaziy tuzilmalarining yosh xodimlaridan iborat 20 ta jamoa qatnashib, oʻzaro aql-zakovatda kuch sinashdi.
Qizgʻin va murosasiz ruhda oʻtgan musobaqa yakunida Surxondaryo viloyati IIB jamoasi faxrli 1-oʻrinni, Toshkent shahar IIBB jamoasi 2-oʻrinni, Ichki ishlar vazirligi markaziy apparati jamoasi esa 3-oʻrinni egalladi. Bundan tashqari, Toshkent viloyati IIBB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi jamoasi “Eng faol jamoa” nominatsiyasi boʻyicha alohida eʼtirof etildi.
Gʻolib va faol jamoalar esdalik sovgʻalari, diplomlar hamda pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Tadbir ishtirokchilari ushbu musobaqa nafaqat bilim va salohiyatni namoyish etish, balki tizim yoshlari oʻrtasida doʻstlik va hamjihatlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilganini taʼkidladilar.