“Dolzarb 10 kunlik” doirasida Yuqori Chirchiq va Parkent tumanlarida oʻrganish ishlari olib borildi
Fuqarolar tinchligi va osoyishtaligini taʼminlashga qaratilgan “Dolzarb 10 kunlik” tadbirlari doirasida Toshkent viloyati IIBB boshligʻi oʻrinbosari, podpolkovnik Asilbek Raxmanov boshchiligidagi ishchi guruh Yuqori Chirchiq va Parkent tumanlarida oʻrganish ishlarini olib bordi.
Jarayonda tuman IIBlar faoliyati, mahalla huquq tartibot maskanlari shaxsiy tarkibning xizmatga tayyorgarligi hamda hududlarda qoʻllanilayotgan xavfsizlik choralarining samaradorligi oʻrganildi. Xususan, ijtimoiy obyektlar, tibbiyot birlashmalari, “hushyorxona”lar, bozorlar va jamoat joylarida osoyishtalikni taʼminlash hamda huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar nazoratdan oʻtkazildi.
Oʻrganish davomida aholining xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilikni jilovlash, shuningdek, jamoat joylarida videokuzatuv qamrovini kengaytirish, patrullik nazoratlarini kuchaytirish masalalari ham alohida eʼtiborga olindi.
Aniqlangan kamchiliklar tanqidiy muhokama qilinib, ularni bartaraf etish, xizmat samaradorligini oshirish va tezkor vaziyatni barqaror saqlash maqsadida masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Eslatib oʻtamiz, Respublika boʻylab, jumladan Toshkent viloyatida ham fuqarolar tinchligi va osoyishtaligini taʼminlashga qaratilgan “Dolzarb 10 kunlik” tezkor-profilaktik tadbirlari oʻtkazilmoqda.