Toshkent viloyatida jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha oʻtkazilayotgan “Xavfsiz hudud” tadbirlari doirasida qator nazorat va profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Chirchiq shahrida xizmat olib borayotgan viloyat IIBB YPX xodimlari tomonidan 2002 yilda tugʻilgan shaxs boshqaruvidagi “Nexia” transport vositasi tekshirish uchun toʻxtatilgan. Haydovchi (R.A) taqdim etgan haydovchilik guvohnomasi YPX inspektorida shubha uygʻotgan. Markazlashgan tizim orqali oʻtkazilgan tekshiruv natijasida ushbu haydovchilik guvohnomasi mavjud emasligi va qalbaki tarzda tayyorlanganligi aniqlangan. Maʼlum boʻlishicha, haydovchi ushbu qalbaki hujjatni internet orqali buyurtma qilib sotib olgan. Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, hujjatlarni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish qonunchilikka muvofiq ravishda katta miqdordagi jarima yoki ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan jazolanishi mumkin.