Bir million yoshlar bilan ishlash doirasida
Ma’lumki, davlat rahbari topshirig‘iga asosan bir million yoshlarni qamrab olgan qator chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amalda tatbiq etilmoqda. Shu kabi keng masshtabdagi tadbirlardan biri kuni kecha Oqqo‘rg‘on tumanida o‘tkazilib, tadbirga viloyat ichki ishlar organlariga biriktirilgan yoshlar jalb qilindi.
Tumandagi “Ishga marhamat monomarkazi”da bo‘lib o‘tgan tadbirda Toshkent viloyati IIBB mas’ullari, tuman hokimi va tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i hamda mutasaddilar va bir guruh yoshlar ishtirok etdi.
Dastlab, mutasaddilar tomonidan yoshlarning turli mazmundagi murojaatlari tinglanib, yechim topish choralari ko‘rilgan bo‘lsa, ularning bandligini ta’minlash maqsadida 20 nafar yoshlarga Monomarkazda kasb o‘rganishga, 10 nafariga esa ishga kirish bo‘yicha yo‘llanma berildi.
Shuningdek, tadbir davomida 100 dan ortiq yoshlar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, salomatligida muammosi bo‘lgan ayollarga muolaja qilish belgilandi. Shuningdek, oila-turmush doirasida turli vaziyatlarga tushib qolgan qizlarga huquqiy maslahatlar berilib, ularning ruhiy salomatligini mustahkamlash maqsadida psixologik trening tashkil etildi.
Shu kabi tadbir davomida, yoshlar orasida sportni ommalashtirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida, mahalla qizlari o‘rtasida voleybol musobaqasi o‘tkazildi va g‘oliblar tashkilotchilarning sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Umuman olganda, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularda vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, kelgusida jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘ladigan shaxs bo‘lib yetishishlarida bu kabi tadbirlar o‘z samarasini berishi bilan ahamiyatlidir.
Yoshlar muammolarini manzilli hal qilishga qaratilgan shu kabi tadbirlar Toshkent viloyatining barcha shahar-tumanlarida o‘tkazilmoqda.