Boʻstonliq tumanida prokuratura va ichki ishlar organlari xodimlari , shuningdek , sohaga oid ekspertlar va tadqiqotchilar ishtirokida keng qamrovli seminar tashkil etildi .
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining birinchi oʻrinbosari Bahriddin Valiyev , Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari Ramazon Ashrapov boshchiligida tizimning hududiy rahbarlari va xodimlari ishtirok etdi .
Seminar davomida jinoyatlarni fosh etish va tergov qilish boʻyicha ilgʻor usullar , xususan kiberjinoyatlarga qarshi kurashda zamonaviy texnologiyalar va raqamli kriminalistika imkoniyatlaridan foydalanish masalalari muhokama qilindi .
Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Raqamli tergovga koʻmaklashish markazi rahbari B .Qudratov elektron maʼlumotlarni yigʻish , tahlil qilish va sud jarayonlarida qoʻllash usullari haqida batafsil soʻzlab berdi . Maʼruzalarda kiberjinoyatlarni issiq izdan aniqlash , elektron dalillar bilan ishlash va ularni toʻgʻri saqlash boʻyicha amaliy tavsiyalar berildi .
Shu bilan birga , energetika tizimidagi noqonuniy ulanishlar , sugʻoriladigan yer maydonlarini noqonuniy egallash va sotish , transport vositalari bilan bogʻliq hodisalar hamda giyohvandlik vositalari boʻyicha jinoyatlarni tergov qilishning oʻziga xos jihatlari boʻyicha tajribalar almashildi . Mutaxassislar dasturiy taʼminot va texnik vositalarning imkoniyatlarini amaliy mashgʻulotlarda namoyish qildi .
Seminarda muhokama qilingan mavzular jinoyatlarni fosh etish va tergov qilishda ham anʼanaviy usullar , ham zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish zarurligini yana bir bor koʻrsatdi . Ishtirokchilarga kelgusida yuzaga keladigan kiberjinoyatlarni samarali tergov qilish uchun doimiy oʻquv mashgʻulotlari va tajriba almashuvlarini davom ettirish tavsiya etildi .
Tadbir yakunida savol-javob va fikr almashuv boʻlib , ishtirokchilar yangi bilim va koʻnikmalarni mustahkamladi . Shu bilan birga ushbu yoʻnalishda namunali xizmat qilayotgan bir guruh xodimlar tashkilotchilar tomonidan mukofotlandi .