Toshkent viloyati IIBB tezkor xodimlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hamda Turkiya Respublikasi huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tadbir natijasida bir necha fuqarolarning "odam savdosi" qurboni boʻlishining oldi olindi.
Dastlabki surishtiruvlarga koʻra, Olmaliq shahrida yashovchi ikki ayolga hozirda Turkiyada istiqomat qilayotgan “Shahnoza” ismli tanishi qizlarini ushbu davlatga yuborishini, ularni oʻzi kutib olishini va yaxshi daromad topishlariga yordam berishini vaʼda qilgan. U qizlarni “yuz massaji” yoʻnalishida ish borligi bilan ishontirgan, biroq qizlardan shahvoniy maqsadda foydalanishni koʻzlagan va ularning Oʻzbekistondan Turkiyaga borish uchun aviachipta va boshqa moddiy xarajatlarni qoplab bergan.
19 yoshli ikki qiz joriy yilning 6-fevral kuni Toshkent xalqaro aeroporti orqali Turkiyaning Anqara shahriga, soʻng Konya viloyatiga yetib borgan. Ularni kutib olgan uch nafar shaxs (Turkiya va Oʻzbekiston fuqarolari) shu zahotiyoq qizlarning pasportlarini olib qoʻygan.
Shundan soʻng, ularni intim xizmatlar koʻrsatuvchi xonadonga olib borib, erkaklarga intim xizmat koʻrsatishga majburlagan. Qizlardan biri bunga rozi boʻlmagani uchun kaltaklangan va unga ruhiy hamda jismoniy tazyiq oʻtkazilgan. Ularni yopiq sharoitda saqlab, takroriy qarshilik koʻrsatishsa, oʻldirish bilan tahdid qilishgan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati IIBB tezkor xodimlari tomonidan 12 fevral kuni olingan maʼlumotga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hamda Turkiya Respublikasi huquq tartibot organlari bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida 2005 yilda tugʻilgan ikki qizni Oʻzbekistonga qaytarilishiga erishildi. Qizlar zudlik bilan reabilitatsiya markaziga joylashtirildi.
Shuningdek, qizlarni aldab chaqirtirgan va ularni shahvoniy ishlarga jalb qilgan shaxslar Turkiyada hibsga olindi. Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi, 1987 yilda tugʻilgan (Sh.J.) ayolga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Hozirda ushbu shaxsni Oʻzbekistonga ekstraditsiya qilish choralari koʻrilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, odam savdosi jinoyatini sodir qilganlar 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
IIBB Axborot xizmati.