Adliya organlari va muassasalarining masʼuliyatini yanada oshirish
«Maʼmuriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining masʼuliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish toʻgʻrisida»gi Prezident Farmoni (PF-80-son, 24.05.2024 y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, quyidagilar adliya organlarining qo‘shimcha faoliyat
yo‘nalishlari etib belgilandi:
• aholining kundalik
hayotida uchraydigan huquqiy muammolarni aniqlash, ularni tahlil qilish va
bartaraf etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rib borish;
• joylarda aniqlangan
tizimli muammolarni bartaraf etishga qaratilgan qonunchilik hujjatlari
loyihalarini ishlab chiqish;
• fuqarolarga bepul
birlamchi yuridik yordam ko‘rsatish tizimini yo‘lga qo‘yish va muvofiqlashtirib
borish;
• davlat organlari va
tashkilotlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda fuqarolarning o‘zini
o‘zi boshqarish organlarida yagona huquqni qo‘llash amaliyotini
shakllantirishda ularga metodik yordam ko‘rsatib borish.
Farmonga ko‘ra, Adliya organlari faoliyatini hududlarda samarali tashkil
etish hamda huquqiy xizmatlar qamrovini yanada oshirish maqsadida tuman
(shahar) adliya bo‘limlariga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatildi:
• joylarda aholi tomonidan
ko‘tarilayotgan dolzarb muammolarni ko‘rib chiqish va hal etish uchun har oyda
mahallalarda “Adliya kuni” tadbirlarini o‘tkazish. Bunda olis hududlardagi
mahallalarda har oyda kamida ikki marotaba sayyor davlat xizmatlarini ko‘rsatib
borish;
• uyma-uy yurish va “Huquqiy
ko‘mak” aksiyalarini o‘tkazish orqali fuqarolar kundalik hayotida aniqlanadigan
huquqiy muammolarni bartaraf etish yuzasidan qonunchilikni takomillashtirish
bo‘yicha takliflar tayyorlash;
• “mahalla yettiligi”ga
qonunchilik hujjatlarining mohiyati va ahamiyatini oddiy va xalqchil tilda
yetkazish, shuningdek, ular tomonidan “Online-mahalla” platformasiga kiritilgan
aholining kundalik hayotidagi huquqiy masalalarga oid muammolarini hal etib
borish;
• aholiga, avvalambor “temir
daftar”, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari” hamda “Ijtimoiy himoya yagona
reyestri” axborot tizimiga kiritilgan fuqarolarga bepul birlamchi yuridik
yordam ko‘rsatilishini taʼminlash;
• yoshlar, xotin-qizlar,
ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarni, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarini
qonunchilik hujjatlarida belgilangan imtiyozlar, preferensiyalar, subsidiyalar,
grantlar va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning boshqa turlari hamda
ulardan foydalanish tartibi haqida xabardor qilish;
• davlat organlari va
tashkilotlarining tuman (shahar) bo‘linmalari, mahalliy davlat hokimiyati
organlari hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida yagona huquqni
qo‘llash amaliyotini shakllantirishda ularga metodik yordam ko‘rsatib borish.
Farmonga muvofiq, 2024-yil 1-iyuldan fuqarolarga bepul birlamchi yuridik
yordam ko‘rsatishning quyidagi tartibi joriy qilinadi:
• Adliya vazirligi tomonidan
“Madad” NNT bilan hamkorlikda respublikaning barcha tuman va shaharlaridagi
davlat xizmatlari markazlarida “Madad” NNTning huquqiy maslahat byurolari
bosqichma-bosqich tashkil qilinadi;
• huquqiy maslahat byurolari tomonidan aholiga bepul huquqiy
maslahatlar beriladi, nizolarni sudgacha va sud orqali hal etishda zarur
bo‘ladigan protsessual hujjatlarni tayyorlashda ko‘maklashiladi.
Shuningdek, hujjat bilan
aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish, qonunchilik
hujjatlarini ijrochilarga yetkazish hamda ularning mohiyati va ahamiyatini
aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari samaradorligini oshirish maqsadida:
• fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida “Mahalla
huquqshunosi” loyihasi amalga oshirilib, loyiha doirasida fuqarolarning o‘zini
o‘zi boshqarish organlari raislarining huquqiy bilim va ko‘nikmalarini uzluksiz
oshirib borishga qaratilgan qisqa muddatli bepul o‘quv kurslari tashkil
etiladi.
Maktablarda 2024/2025-o‘quv
yilidan:
• Adliya vazirligining maxsus elektron platformasi orqali huquq
fani o‘qituvchilarining kasbiy bilim va ko‘nikmalarini uzluksiz oshirib borish
hamda ularni metodik taʼminlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi;
• o‘quvchilar o‘rtasida “Huquq bilimdoni” fan olimpiadasi,
huquq fani o‘qituvchilari o‘rtasida “Eng yaxshi huquq o‘qituvchisi”
ko‘rik-tanlovi o‘tkazib boriladi;
• maktab o‘quvchilarining huquqiy bilimlarni mustaqil
o‘zlashtirishiga qaratilgan ko‘rgazmali o‘quv qo‘llanmalari, videoroliklar,
kompyuter o‘yinlari va mobil ilovalar yaratiladi.