Yil davomida 4 mingga yaqin tig‘li jism muomaladan olindi
Toshkent viloyatida IIBB Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi tomonidan o‘tgan 2021 yil mobaynida amalga oshirilgan ishlar natijasida turli huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldi olinishi va fosh etilishiga erishilgan.
Xususan, Patrul-post xizmati xodimlari ishtirokida jami 226 ta, shaxsan ular tomonidan 72 ta jinoyatlar fosh etilgan bo‘lsa, 137 holatda turli jinoyatlarning oldi olingan. Shu kabi PPX xodimlari ishtirokida 49 nafar va shaxsan ular tomonidan 75 nafar qidiruvda bo‘lgan shaxs aniqlanib, ushlangan. 33 nafar bedarak yo‘qolgan shaxs topilgan.
Shuningdek, 2 636 nafar ish va yashash joyi noaniq bo‘lgan shaxs reabilitatsiya markazlariga joylashtirilgan bo‘lsa, mayda bezorilik sodir etganligi uchun 10 ming 65 ta, jamoat joyida spirtli ichimlik isteʼmol qilgan 54 ming 817 ta va boshqa huquqbuzarlik uchun 136 mingdan ortiq shaxs, tegishli chora ko‘rish uchun hududiy IIBga olib borilgan.
Viloyatda o‘tkazilgan “Tig‘” maxsus-profilaktik tadbiri davomida PPX xodimlari tomonidan 3 972 ta o‘tkir tig‘li jism olingan bo‘lsa, ularning 3 334 tasi pichoq, 36 tasi kastet, 39 tasi bita va 563 tasi boshqa ko‘rinishdagi xavfli bo‘lgan o‘tkir tig‘li jismlarni tashkil qilgan.
IIBB Axborot xizmati