Jinoyatni yashirish uchun qilingan jinoyat
Masʼul xodim xizmat xonasida narkotik saqlab kelganligi aniqlangan. U jinoyatni qayd etmaslik va ishni yopish evaziga IIB xodimiga pora berayotgan vaqtda ushlandi.
Joriy yilning 8 dekabr kuni Oqqoʻrgʻon tumani IIB JQB xodimlari tomonidan “Birlik” mahallasida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida, 1986 yilda tugʻilgan T.A.ning (xususiy tashkilotda avtotransport vositalariga litsenziya berish faoliyati bilan shugʻullanuvchi shaxs) xizmat xonasidagi idishda va yonida boʻlgan oʻralgan holdagi 1.000 soʻmlik kupyurada, giyohvand moddaga oʻxshash modda borligi, shuningdek, giyohvandlik moddasi isteʼmoli uchun maxsus vosita tayyorlaganligi aniqlanib, xolislar ishtiroki daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirilib olingan.
Shundan soʻng, T.A. mazkur holatni qayd etmaslik va ishni “yopdi-yopdi” qilish evaziga tuman IIB Jinoyat qidiruv boʻlimi boshligʻiga $500 pora taklif qilgan.
IIB xodimining bildirgisiga asosan oʻtkazilgan tadbir davomida, fuqaro T.A. mablagʻning 5 mln soʻmini berayotgan vaqtida IIV SHXBB Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan fuqaro T.A. ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 211- va 276-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
IIBB Axborot xizmati