8 Dekabr 2021 yil 945

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 29 yilligi munosabati bilan bayram tabrigi

Aziz yurtdoshlar!

Avvalo barchangizni, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 29 yilligi munosabati bilan samimiy qutlaymiz.

Har bir mamlakatning Konstitutsiyasi ayni shu davlatning dunyoda borligini, qolaversa, huquqiy asos bilan tashkil etilganligini akslantiruvchi dalolatnomadir.

Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligi eʼlon qilinganidan soʻng mustaqil mamlakat Konstitutsiyasini ishlab chiqish va qabul qilish birinchi galdagi vazifa etib belgilandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi loyihasi ikki marta umumxalq muhokamasiga qoʻyildi. Keng jamoatchilikning qoʻshimcha va takliflari eʼtiborga olingan holda 1992-yil 8-dekabr kuni Parlamentning oʻn ikkinchi chaqiriq XI sessiyasida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilindi.

Mamlakatimiz Bosh qomusi oʻzining naqadar xalqchilligi bilan koʻplab siyosatchilar va davlat arboblari tomonidan eʼtirof etiladi. Birgina isbot Oʻzbekiston Konstitutsiyasining 18-moddada “Oʻzbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega boʻlib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeyidan qatʼiy nazar, qonun oldida teng”, deyilgan boʻlsa, 46-moddada “Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar”, deya takror qatʼiy belgilanadi.

Bu mustaqil Oʻzbekiston oʻz siyosatining tub zamirida, eng avvalo, inson manfaatlari va uning haq-huquqlari ustuvor ekanligini namoyon etuvchi timsol, deyish oʻrinlidir. Ayniqsa, Oʻzbekiston Konstitutsiyasidagi XIV – Oila bobining jahon konstitutsiyalarida takrorlanmasligi ham eʼtiborlidir.

Aslida Konstitutsiyamizning har bir moddasi yuqoridagi misollar kabi mukammal va aniq yaratilgan. Asosiysi, har bir fuqaro, u qaysi kasb egasi yoki kim boʻlishidan qatʼiy nazar, avvalo, Konstitutsiyani hurmat qilishi, oʻz haq huquqlarini bilish birga burchlarini ham yodda saqlash kerakligi haqida soʻzlaydi.

Muxtasar aytganda, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi nafaqat davlat borligining dalolatnomasi, balki har bir fuqaro va shaxslarining tinch va farovon hayotining kafolati hamdir.

Hurmatli Ichki ishlar organlari xodimlari!

Davlatimiz rahbari “Agar davlat tayanadigan asosiy ustun qonun boʻlsa, uning kuchini amalda namoyon etadigan eng samarali tizim bu – ichki ishlar organlaridir” deb alohida taʼkidlagan edilar. Darhaqiqat, ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan tub islohotlar bosh qomusimizda belgilangan xalqchillik tamoyillari asosida jamiyatimizda qonun ustuvorligini taʼminlashga xizmat qilmoqda.

Mashaqqatli shu bilan birga sharafli kasbingizga ulkan muvaffaqiyatlar yor boʻlsin. Zero, xalq manfaatlariga xizmat qilish ham burch ham faxrdir.

Sizlarni, sizlar orqali yurtdoshlarimizni hamda xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan hamkasblarimizning oila aʼzolarini yana bir bor bosh qomusimizning 29 yilligi bilan muborakbot etamiz.

Toshkent viloyati
Ichki ishlar bosh boshqarmasi

 

Text to speech