24 May 2025 yil 3460

Ustozlarga ehtirom, yoshlarga e’tibor – Toshkent viloyati IIBB rahbariyati “So‘ngi qo‘ng‘iroq” tadbirida ishtirok etdi

Chirchiq shahridagi 15-sonli umumta’lim maktabida “So‘ngi qo‘ng‘iroq” tadbiri tantanali tarzda o‘tkazildi. Tadbirda Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi rahbariyati, maktab ma’muriyati, ota-onalar, o‘qituvchilar va bitiruvchi o‘quvchilar ishtirok etdi.

Tadbir davomida viloyat IIBB boshlig‘ining o‘rinbosari, podpolkovnik Asilbek Rahmonov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maktab bitiruvchilariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi. Shuningdek, u barcha bitiruvchilarga kelgusidagi o‘qishlari va kasbiy faoliyatlarida omad va zafarlar tiladi.

Bitiruvchilar maktab yillaridagi yorqin xotiralarini esga oldilar. Shu bilan birga, namunali o‘qishi, faolligi va ibratli xulqi bilan ajralib turgan o‘quvchilar va ularning ustozlari faxriy yorliq hamda diplomlar bilan taqdirlandi. Bitiruvchi o‘quvchilarning ota-onalariga esa tashakkurnomalar topshirildi.

“So‘ngi qo‘ng‘iroq” sadolari ostida maktab bilan xayrlashayotgan bitiruvchilar hayajonli onlarni boshdan kechirdilar.

So‘zga chiqqanlar bu kun yoshlar hayotida yangi bosqich – mustaqil hayot sari yo‘l boshlanganining ramzi ekanini alohida ta’kidlab, ularni Vatanga sadoqat, bilim olishga intilish va ezgu maqsadlar yo‘lida qat’iyat bilan harakat qilishga undadilar.

Text to speech