30 Oktyabr 2021 yil 125

Toshkent viloyati IIBB xodimi respublika tanlovining mutlaq gʻolibi boʻldi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida har yili “Eng yaxshi hududiy ichki ishlar organi boshligʻi”, “Eng yaxshi profilaktika inspektori”, “Eng yaxshi tergovchi”, “Eng yaxshi tezkor xodim” nominatsiyalari boʻyicha respublika tanlovini oʻtkazish belgilab berilgan.

Xususan, ushbu farmon ijrosini taʼminlash hamda IIO xodimlarining bilim koʻnikmalarini oshirib borish, xodimlar oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish va ularni har tomonlama ragʻbatlantirish maqsadida tanlovga start berildi.

Dastlab nomzodlar tuman-shahar, viloyat miqyosida bellashishgan boʻlsa, yakuniy bosqich IIVda boʻlib oʻtdi. Unda vazirlik markaziy apparati va hududiy IIBB, IIBlaridan birinchilikni qoʻlga kiritgan shijoatli xodimlar ishtirok etib, ularning psixologik, siyosiy va sohaviy bilimlari sinovdan oʻtkazildi.

Jumladan, tanlovning yakuniy natijalarga koʻra “Eng yaxshi tergovchi” nominatsiyasi boʻyicha:

1-oʻrinni – katta leytenant Avalbekov Abdumalik Farhod oʻgʻli (Toshkent viloyati IIBB 2-mintaqaviy hudud Angren shahar IIB tergovchisi) qoʻlga kiritdi.

Shuningdek, ikkinchi oʻrinni – Fargʻona, uchinchi oʻrinni – Buxoro viloyati tergovchi xodimlari egallashdi.

Jamoaviy bahslarda esa Samarqand viloyati IIB jamoasi birinchilikni qoʻlga kiritgan boʻlsa, Toshkent viloyati IIBBning yana bir vakili – katta leytenant Abdusalamov Umidjon Abdushukur oʻgʻli (Tergov boshqarmasi Axborot-tahlil boʻlimi katta tergovchisi) eng faol ishtirokchi deb eʼtirof etildi.  

Ishtirokchilarga vazirlik sovgʻalari va diplom tantanali ravishda topshirildi. Tanlovning mutlaq gʻolibi shu bilan birga, farmonda belgilangani kabi har oylik pul taʼminotining 100 foizgacha miqdorda bir yil davomida moddiy ragʻbatlantirishni ham qoʻlga kiritdi.

Barcha ishtirokchilarni, xususan, katta leytenant Abdumalik Avalbekovni IIBB rahbariyati va shaxsiy tarkib nomidan samimiy qutlab, kasbiy faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tilaymiz.

IIBB Axborot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech