6 Avgust 2025 yil 1324

Toshkent viloyatida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash yuzasidan taqdimot o‘tkazildi

Joriy yil 9-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi. Ushbu yig‘ilishda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek Toshkent viloyatida yo‘l harakati xavfsizligiga oid ishlar samaradorligini oshirish maqsadida viloyat IIBB boshlig‘i, polkovnik Abduvosit Abdurazakov huzurida tahliliy taqdimot yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, transport infratuzilmasini takomillashtirish, tirbandliklarni kamaytirish hamda fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishga qaratilgan ustuvor vazifalarning Toshkent viloyatidagi ijrosi muhokama qilindi.

Taqdimot davomida viloyat hududida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari tahlil qilinib, ularning asosiy sabablari, sodir bo‘lgan joylar geografiyasi, ishtirokchi toifalari va jabrlanuvchilar haqida ma’lumotlar keltirildi. Xususan, piyodalar bilan bog‘liq hodisalarning oldini olish maqsadida qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi.

Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar qatorida xavfli deb topilgan yo‘l kesishmalarida svetoforlar va yo‘l belgilari yangilangani, piyodalar o‘tish joylari aniq belgilab chiqilgani, qo‘shimcha yoritish vositalari o‘rnatilgani ta’kidlandi.

Shuningdek, sun’iy intellekt asosida boshqariladigan “aqlli” svetoforlar, videokuzatuv kameralari joriy etilishi orqali harakat oqimini tartibga solish ishlari amalga oshirilmoqda. Maktab va bog‘chalarda esa bolalar o‘rtasida yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish bo‘yicha maqsadli targ‘ibot ishlari tashkil etilmoqda.

Yig‘ilishda kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan vazifalar ham muhokama etildi. Jumladan, transport oqimini tahlil qilish, yo‘l tarmoqlarini raqamli boshqaruv tizimlariga ulash, jamoat transporti harakatini optimallashtirish va tirbandliklarni kamaytirishga qaratilgan loyihalar taqdim etildi.

Ta’kidlanganidek, fuqarolarning hayoti va salomatligini asrash, jamoat xavfsizligini ta’minlashda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Shu bois bu yo‘nalishdagi ishlar tizimli va izchil tarzda davom ettiriladi.

Text to speech