Toshkent viloyati IIBB va uning quyi tizimlari tomonidan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarining noqonuniy aylanishiga qarshi, jumladan ularni saqlash, isteʼmol qilish, yetishtirish hamda oʻtkazish holatlarini aniqlash va bartaraf etish boʻyicha tizimli va uzluksiz chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Respublika boʻyicha oʻtkazilayotgan “Qoradori – 2025” keng koʻlamli tadbiri doirasida Toshkent viloyati IIBB tezkor xodimlari tomonidan Bekobod shahar IIB hamda DXX viloyat boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda navbatdagi tezkor tadbir amalga oshirildi.
Tadbir davomida Bekobod shahrida yashovchi, 1990 y.t. shaxs qoʻshni davlatdan kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan, qariyb 1 kg boʻlgan “gashish” giyohvandlik moddasini shaharning Navroʻz mahallasi hududida yashirib qoʻyilgan joyidan olayotgan vaqtida ashyoviy dalil bilan qoʻlga olindi.
Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv davomida ushbu giyohvandlik moddasi tojikistonlik narkokuryer tomonidan kontrabanda yoʻli bilan yetkazib berilgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan ushlangan shaxsga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.