22 Fevral 2025 yil 268

Tergov amaliyotidan: Yirik miqdordagi firibgarlik, oʻgʻrilik, yolgʻon guvohlik berish, porada vositachilik, tuhmat va boshqa 10 dan ortiq jinoyatlarni sodir qilgan shaxsga sud hukmi oʻqildi

Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent tumani sudi ochiq sud majlisida firibgarlik, pora berishda vositachilik, yolgʻon guvohlik berish, tuhmat, oʻq-dorilarni oʻgʻirlash va noqonuniy oʻtkazish kabi ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir etgan R.E. (1984 yilda tugʻilgan)ga nisbatan sud hukmini eʼlon qilindi.

Zangiota tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergov va sud hujjatlariga koʻra, sudlanuvchi 2021-2024 yillar oraligʻida turli 13 ta holatda fuqarolarning ishonchiga kirib, ularga turli vaʼdalar berib, yirik miqdorda moliyaviy mablagʻlarni firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritgan.

Xususan, u avtotransport vositalarini arzon narxda olib berish, yer maydonlari va koʻchmas mulklarni sotib olish, yuqori daromadli ishga joylashtirish kabi bahonalar bilan bir necha fuqarolarning pullarini oʻzlashtirgan. Firibgarlik yoʻlida esa eng yaqin tanishlarini ham ayamagan.

Jumladan:

• 2021-yil 10-avgust kuni u bir fuqaroga arzon narxda avtomobil olib berishni vaʼda qilib, undan jami 5 800 AQSh dollari miqdorida pul mablagʻlarini olgan va oʻz ehtiyojlari uchun ishlatgan.

• 2022-yil 15-oktyabrda yana bir ayol fuqaroga arzon narxda avtomobil olib berishni vaʼda qilib, oradan vaqt oʻtgach mashina emas yer uchastkasi olib berishini aytib, jami 2 100 AQSh dollari miqdoridagi pul mablagʻlarini qoʻlga kiritgan.

• 2023-yil 1-oktyabrda yana bir fuqaroga yer uchastkasining kadastr hujjatlarini mansabdor tanishlari orqali rasmiylashtirib berishga koʻndirgan va pora berishga dalolat qilib, jabrlanuvchidan 10 000 AQSh dollari olgan, biroq vaʼdasini bajarmagan.

• 2022-yil iyun oyida boshqa bir jabrlanuvchini 2000 AQSH dollari bilan “Amirsoy” dam olish maskanidagi 10 million soʻm maoshlik ishga kirgizish va Zangiota tumanidagi bir nechta yer maydonini nomiga oʻtkazib berishga ishontirib, jami 28 700 AQSh dollari miqdorida pul mablagʻlarini oʻzlashtirgan.

• 2023-yil iyul oyida yana bir fuqaroning ishonchiga kirib, 38 500 AQSh dollari miqdoridagi pullarni yer olib berish bahonasida olib, qaytarib bermagan.

• 2023-yil 5-oktyabrda yana bir jabrlanuvchiga oʻzining pasport nusxasiga tilxat yozib yer olib berishga ishontirgan va 10 000 AQSh dollari pul mablagʻlarini qoʻlga kiritgan.

• 2024-yil 25-yanvarda jabrlanuvchi ayolga Boʻstonliq tumanida dala hovlini ijaraga olib berishini va bu katta foyda keltirishini vaʼda qilib, 10 000 AQSh dollari miqdoridagi pulni qoʻlga kiritib, vaʼdasini bajarmagan.

• 2024-yil 22-fevralda yaqin tanishini 20 dona “Spark” avtomobilini elektron auksion orqali arzon narxda sotib olishga ishontirib, Telegram orqali notanish MChJning qalbaki guvohnomasi suratini yuborib, 61 750 AQSh dollarini qoʻlga kiritib, pullarni oʻz ehtiyojlariga sarflagan.

• 2024-yil mart oyida esa tanishidan qarzga 12 800 AQSh dollari olib, undan 3 500 AQSh dollarini qaytarib, qolgan qismini bermaslik uchun unga tuhmat qilgan.

• 2024-yil bahorida mahalladoshini doʻkon sotish bahonasida 65 000 AQSh dollariga chuv tushirib, pulni qaytarmaslik evaziga oʻgʻirlangan oʻq-dorilarni jabrlanuvchining hovlisiga yashirib, huquq-tartibot organlariga xabar bergan. Tezkor tadbirda ushbu oʻq-dorilarni daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirilib, uning oʻziga nisbatan ish qoʻzgʻatilgan.

Bundan tashqari, sudlanuvchi yer maydonlari va koʻchmas mulklarni rasmiylashtirish uchun pora berishda vositachilik qilgan. U turli hujjatlarni soxtalashtirish, yolgʻon guvohlik berish va tuhmat qilish orqali noqonuniy daromad orttirishga harakat qilgan.

Shu kabi usullar bilan u boshqa fuqarolarni ham chuv tushirib, jami 2,8 milliard soʻmlik zarar yetkazgan.

Sud tomonidan sudlanuvchi, jabrlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatuvlari tinglanib, jinoyat ishi hujjatlari o‘rganib chiqildi va ishda mavjud bo‘lgan dalillarga baho berildi. Jabrlanuvchi va taraflarning muzokara nutqlarini muhokama qilib, sudlanuvchiga nisbatan o‘z hukmini e’lon qildi.

Sud hukmiga koʻra, sudlanuvchi 1984 yilda tugʻilgan (E.R.Y.) Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 168-moddasi 4-qismining “a” bandi, 28, 211-moddasi 2-qismining “b” bandi, 237-moddasi 2-qismining “a,g” bandlari, 139-moddasi 3-qismining “a,g” bandlari, 238-moddasi 3-qismining “b” bandi, 247-moddasining 1-qismi, 248-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga nisbatan tayinlangan har xil turdagi jazolarni qisman qoʻshish yoʻli bilan uzil-kesil 8 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Shuningdek, jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zarar qoplash uchun sudlanuvchidan 2,8 milliard soʻm undirilishi belgilangan.

Text to speech