1 Oktyabr 2021 yil 15602

Oʻqituvchi va murabbiylarga bayram tabrigi

Qadrli ustoz va murabbiylar!

Muhtaram faxriylar!

Avvalo, siz, azizlarni, taʼlim-tarbiya sohasining barcha jonkuyar xodimlarini 1-oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbdan samimiy muborakbod etaman.

Osudalik posbonlari boʻlgan ichki ishlar organlari xodimlarini kamol toptirgan, ularga taʼlim-tarbiya bergan va hozirgi kunda ham mehnatlarini ayamayotgan aziz ustozlarga hurmat-ehtiromimni bildiraman.

Dunyodagi eng bebaho boylik – aql-zakovat va ilm, oʻlmas meros – yaxshi tarbiyadir. Sizlar esa dunyodagi eng bebaho boylik va boqiy merosni yaratish, uni xalqimizga, ichki ishlar organlari xodimlarining yangi avlodiga yetkazish yoʻlida chinakam fidoyilik koʻrsatib mehnat qilayotgan ulugʻ insonlarsiz!

Aziz ustoz va murabbiylar!

Jamiyatimizda bogʻcha tarbiyachisi, maktab muallimi, oliygohlarning professor-oʻqituvchilari va ilmiy-ijodiy ziyolilarni bugun biz intilayotgan Uchinchi Renessansning toʻrt tayanch ustuni deb eʼtirof etilmoqda. Shu jihatdan sizlarning hurmat-eʼtiboringizni oshirish, qadringiz, shaʼningiz va gʻururingizni tiklash, mashaqqatli va sharafli mehnatingizni har taraflama ragʻbatlantirish boʻyicha boshlangan ishlar izchil davom etmoqda. Bu – koʻpni koʻrgan, ustozni otadan ulugʻ deb bilgan donishmand xalq minnatdorligining ifodasidir.

Siz, azizlarni qutlugʻ bayramingiz bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, yurt posbonlari, el qalqonlarini ulgʻaytirishdek ezgu faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Hamisha sogʻ-omon boʻling, aziz ustozlar!

Tohir Aripov,
Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshligʻi, polkovnik

Text to speech