15 Dekabr 2022 yil 758

Odam savdosi bilan shug‘ullanayotgan er-xotin faoliyatiga chek qo‘yildi

Odam savdosi trans milliy, yaʼni hudud va chegara tanlamaydigan jinoyatlar sirasiga kirib, uning qurbonlari soni ortib borayotgani va ushbu xavfdan O‘zbekiston ham holi emasligi ayni haqiqat. Shuning uchun hamda doimiy ravishda odam savdosiga qarshi respublika bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qatʼiy chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Xususan, joriy yilning 13 dekabr kuni Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmasi Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limi xodimlari tomonidan IIV xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, 1978 y.t. Yuqori Chirchiq tumanida yashovchi (M.U.) shaxs namanganlik 19 va 27 yoshli opa-singilni aldab, ishonchiga kirib, ularni mo‘may daromad topishga ishontirib, Toshkent-Hindiston avia yo‘nalishi orqali fohishalik bilan shug‘ullanishlari uchun yubormoqchi bo‘lgan vaqtida Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeraportda qo‘lga olindi.

Aniqlanishicha, ushlangan shaxsning sharʼiy nikohdagi xotini hozirgi kunda Hindiston davlatida bo‘lib, qizlarni kutib olishi va ularni fohishalik qilishlari uchun sharoit yaratishi hamda er-xotin buning ortidan mo‘may daromad topishni rejalashtirgan bo‘lgan. Hatto qizlarning Hindistonga borish va viza xarajatlarini o‘zlari to‘lab bergan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan ushlangan shaxs va uning xotiniga nisbatan Qibray tumani ichki ishlar boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135 moddasi (odam savdosi) 2 qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Shuningdek, jinoyatga aloqador bo‘lgan, muqaddam Parkent tumanida yashagan bugungi kunda Hindiston davlatida bo‘lib turgan 32 yoshli ayolni ushlash (ekstraditsiya qilish) choralari ko‘rilmoqda.

Maʼlumot o‘rnida qayt etish joizki, viloyat ichki ishlar bosh boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan 2022 yilning o‘tgan davri mobaynida 8 ta holatda 15 nafar shaxs qo‘lga olingan. Tadbirlar natijasida 12 nafar shaxsning, jumladan, 9 nafar ayolning odam savdosi qurboni bo‘lishining oldi olinishiga erishilgan.

IIBB Axborot xizmati

Text to speech