5 Oktyabr 2021 yil 1618

Natijalar tanqidiy tahlil etildi

Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari ishtirokida “Xodimlarning xizmat intizomi va qonunchilikka rioya qilishlari” yuzasidan kengaytirilgan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Yigʻilishda, Ichki ishlar vaziri maslahatchisi general-polkovnik Zokirjon Almatov, Vazir oʻrinbosari general-mayor Azizbek Ikramov va vazirlik masʼul rahbarlari hamda viloyat IIBB rahbarlari va shaxsiy tarkibi ishtirok etdi.

Tadbirni IIV maslahatchisi, general-polkovnik Zokirjon Almatov ochib berib, yigʻilganlarga bugungi kun IIO xodimlari qanday ishlashi, ularning oldilariga qoʻyilgan talab va bajarilishi kerak boʻlgan xizmat vazifalari yuzasidan oʻz mulohazalarini bildirib, oʻrinli maslahatlar berdi.

Shuningdek, soʻzga chiqqan Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari, kun tartibidagi masala – xodimlar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar, xizmat intizomi va qonunchilikning buzilishi, shuningdek, kelgusida xodimlar oʻrtasida salbiy holatlarning oldini olish borasida toʻxtalib, Respublika boʻyicha xodimlar bilan bogʻliq boʻlgan salbiy holatlardan misollar keltirib xulosa qilishga chaqirdi.

Tizimda olib borilayotgan keng islohotlar va yaratib berilayotgan imkoniyatlarga qaramay, xodimlar orasida oʻz xizmat faoliyatiga masʼuliyatsizlik bilan qarayotgan, jinoyat va huquqbuzarlik sodir etayotganlari taʼkidlab oʻtdi.

– Jinoyat va huquqbuzarliklarga qarshi kurashib, odamlarni toʻgʻri yoʻlga soladigan, shaxsiy ibrat boʻladigan ichki ishlar xodimi oʻzi qonun-qoidani buzsa, buni qanday tushunish mumkin? -dedi general-mayor Azizbek Ikramov. – Bunday masʼuliyatsizlik bilan ishlab boʻlmaydi. Hurmatli hamkasblar yana bir bor barchangizni qatʼiy ogohlantiraman davlat rahbari, mehnatkash xalqimiz sizu bizga yuksak ishonch bildirgan. Bu ishonchli oqlash uchun qatʼiy tartib-intizom bilan ishlashimiz shart va zarur. Ochiqlik va shaffoflik yoʻlidan bormoqdamiz. Buni ham unutmasdan xizmat vazifamizni vijdonan ado etish bugungi kuning talabidir.

Yigʻilishda ishtirok etgan IIV SHXBB boshligʻi, polkovnik Muxtor Mirziyoyev kun tartibidagi masala yuzasidan tanqidiy mulohaza bildirib, xodimlar bilan bogʻliq salbiy holatlarni keltirib oʻtdi. Shahar-tuman IIB boshliqlari hamda oʻrinbosarlari qatʼiy ogohlantirib, kelgusida xizmat intizomi va xodimlariga javobgar shaxs sifatida ularga ham oʻrnatilgan tartibda intizomiy chora koʻrilishini bildirdi.

Shuningdek, yigʻilishda Toshkent viloyati IIBB boshligʻi, polkovnik Tohir Aripov ham soʻz chiqdi.

– Taʼkidlab oʻtilgan xato-kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etish boʻyicha aniq vazifalarni belgilab oldim, -dedi polkovnik Tohir Aripov. – Kelgusida bu kabi holatlarning barchasi bartaraf etilib, Ichki ishlar organlari rivoji va ijobiy imijini shakllanishida Toshkent viloyati IIBB albatta ijobiy natijalar bilan barchaga namuna boʻlishiga ishonaman va vaʼda beraman.

Yigʻilish soʻngida xizmat faoliyatida xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻygan ayrim xodimlarga nisbatan turli xil intizomiy taʼsir choralari koʻrildi.

Xususan, xizmatida kechirib boʻlmas xatoga yoʻl qoʻygan 2 nafar (profilaktika inspektori) xodim shu yerning oʻzida ichki ishlar organlari safidan boʻshatildi. Bir nafarini egallab turgan lavozimini olish belgilandi.

Shuningdek, xizmat intizomi va qonunchilikni buzishga moyil 50 nafarga yaqin xodimlarning faoliyatini intizomiy kengashda muhokama qilinishi va faoliyatini oʻrganib borish topshirigʻi qoʻyildi.

Xodimlar bilan olib borilayotgan tarbiyaviy-profilaktik ishlar samaradorligini yanada oshirish, xizmat intizomi va qonunchilikni mustahkamlash borasida kelgusida amalga oshirilishi zarur boʻlgan chora-tadbirlar belgilandi.

IIBB Axborot xizmati

Text to speech