IIBB boshlig‘ining ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bayrami tabrigi
Hurmatli viloyat ichki ishlar organlari xodimlari!
Aziz faxriylar!
“25-oktabr — Ichki ishlar organlari xodimlari kuni” - kasb bayrami munosabati bilan o‘z hayotini fuqarolarimizning tinchligi va osoyishtaligi, huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, jamiyatimizda qonun ustuvorligini ta’minlashdek sharafli hamda mas’uliyatli xizmatga bag‘ishlab kelayotgan viloyat ichki ishlar organlarining fidoyi xodim va xodimalarini samimiy tabriklayman.
Shuningdek, hurmatli faxriylarimizni hamda xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan kasbdoshlarimizning oila a’zolarini chuqur hurmat bilan yod etib, ularni bayram bilan tabriklayman. Barchangizga eng ezgu va samimiy tilaklarimni yo‘llayman.
So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan ichki ishlar organlariga alohida e’tibor qaratilib, ularni chinakam xalqchil tuzilmaga aylantirish yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu o‘zgarishlar natijasida xalqimizning ichki ishlar organlariga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanib, ularning mehnati va fidokorligi kundalik hayotda yaqqol sezilmoqda. Bu esa biz uchun faxr va g‘urur manbaidir.
Sohada olib borilgan tizimli islohotlar tufayli viloyat ichki ishlar organlari safida zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, ma’naviy jihatdan yetuk, jasur va vatanparvar xodimlar shakllanib bormoqda. Ular xalqimizning tinchligi, yurtimiz osoyishtaligi yo‘lida fidokorona xizmat qilayotgan haqiqiy himoyachilardir.
Sizlar xalq manfaatlarini himoya qilishni eng oliy burch deb bilgan, mustaqil yurtimizning ishonchli posbonlarisiz. Shu yo‘lda bardavom bo‘lib, “Vatan qo‘rg‘oni — xalq ishonchi” degan sharafli nomga har doim munosib bo‘lishingizni tilayman.
Kasb bayramingiz munosabati bilan barchangizga sihat-salomatlik, dasturxoningizga fayz-u baraka, oilangizga tinchlik va farovonlik, xizmatlaringizda esa yuksak muvaffaqiyatlar tilayman.
Yurt osoyishtaligi va xalq farovonligi yo‘lidagi fidoyi xizmatlaringiz bardavom bo‘lsin!
Abduvosit Abdurazakov,
Toshkent viloyati IIBB boshlig‘i,
polkovnik