“Ma’naviyat oyligi” xodimlar va ularning oila a’zolari uchun spektakl namoyish etildi
Ichki ishlar organlarida o‘tkazilayotgan “Ma’naviyat oyligi” doirasida xodimlarning ma’naviy-ma’rifiy saviyasini yanada yuksaltirish, teatr va san’atga bo‘lgan qiziqishini oshirish, shuningdek, xizmatdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu kabi tadbirlardan biri Toshkent viloyati ichki ishlar xodimlari birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi tashabbusi bilan tashkil etildi. Unga ko‘ra, Toshkent shahridagi Muqimiy nomidagi davlat akademik musiqali drama teatrida sahnalashtirilgan “Yorug‘ yulduzlar” (Jadidlar) spektakli ichki ishlar organlari xodimlari va ularning oila a’zolariga namoyish etildi.
Mazkur spektakl namoyishi tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Unda xalqimiz tarixida o‘chmas iz qoldirgan buyuk insonlar hayoti, yurtimiz ravnaqi yo‘lidagi fidokorona xizmatlari, badiiy mahorati baland sahnada yorqin aks ettirildi. Jonli ijro, badiiy lo‘ndalik va aktyorlarning mahoratli harakatlari orqali tomoshabinlar yuragiga yo‘l topgan bu asar, ayniqsa yoshlar uchun yuksak tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘ldi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning muntazam ravishda o‘tkazilishi xizmat faoliyatida bo‘lgan xodimlarning ruhiy olamini boyitishga, jamoa ichida sog‘lom muhitni shakllantirishga xizmat qilishini ta’kidladilar. Shu bilan birga ushbu tadbir oilaviy muhitdagi bag‘rikenglik, ma’naviy yaqinlikni yanada mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.