Xabar berilganidek, Respublika ishchi guruhi tomonidan Toshkent viloyati aholisi uchun ommaviy sayyor qabul uchrashuvlari boʻlib oʻtdi.
Rejaga asosan navbatdagi manzil Chirchiq shahri boʻlib, sayyor qabul Parkent, Boʻstonliq, Yuqori Chirchiq, Qibray, Toshkent tumanlari va Chirchiq shahri aholisi uchun tashkil etildi. Qabulda ichki ishlar organlariga oid murojaatlar Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, polkovnik Ramazon Ashrapov tomonidan qabul qilindi.
Fuqarolar IIOlariga oʻqishga, xizmatga kirish va qayta tiklash, tergov-surishtiruv, jazoni ijro etish, pasport, yoʻl harakati xavfsizligi va probatsiya masalalari hamda boshqa ijtimoiy yoʻnalishda murojaat qildilar. Murojaatlarning aksariyati joyida ijobiy hal etilib, qoʻshimcha oʻrganishni talab etuvchi murojaatlar boʻyicha masʼullarga aniq topshiriqlar berildi va ijrosi nazoratga olindi.
Shuningdek, qabul davomida viloyat IIO Probatsiya xizmati nazoratida boʻlgan 15 nafarga yaqin shaxsning murojaati ham tinglanib, muhokama qilindi. Vazir oʻrinbosari tomonidan masʼullarga ushbu shaxslarning muddatidan oldin shartli ozod etilishi yuzasidan sud idoralariga taqdimnomalar kiritish va ularni ijtimoiy hayotga moslashtirish boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi.
Umuman olganda, 4 kun mobaynida Toshkent viloyati aholisi uchun Yangiyoʻl va Oqqoʻrgʻon tumani hamda Olmaliq va Chirchiq shahrida oʻtkazilgan sayyor qabul davomida fuqarolarning IIOga oid 190 ga yaqin murojaatlari koʻrib chiqildi. Ahamiyatlisi ushbu murojaatlarning 49 foizi yoki teng yarmi qabul davomida ijobiy hal etildi.
Bir soʻz bilan aytganda, fuqarolarning muammolarini joyida hal etishga qaratilgan bunday sayyor qabullar nafaqat ularning huquqiy himoyasini taʼminlashga, balki xalqning davlat idoralariga boʻlgan ishonchini mustahkamlashga ham xizmat qilmoqda.