“Dolzarb 20 kunlik” doirasida Bekobod shahri va Bekobod tumanida, tungi vaqtda oʻrganish ishlari olib borildi
Fuqarolar tinchligi va osoyishtaligini taʼminlashga qaratilgan “Dolzarb 20 kunlik” tadbirlari doirasida Toshkent viloyati IIBB boshligʻi oʻrinbosari, podpolkovnik Asilbek Raxmanov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Bekobod shahri va Bekobod tumanida, tungi vaqtda oʻrganish ishlari olib borildi.
Jarayonda tuman IIBlar faoliyati, mahalla huquq tartibot maskanlari shaxsiy tarkibning xizmatga tayyorgarligi hamda hududlarda qoʻllanilayotgan xavfsizlik choralarining samaradorligi oʻrganildi.
Xususan, ijtimoiy obyektlar, tibbiyot birlashmalari, “hushyorxona”lar, bozorlar va jamoat joylarida osoyishtalikni taʼminlash hamda huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar nazoratdan oʻtkazildi.
Oʻrganish davomida aholining xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilikni jilovlash, shuningdek, jamoat joylarida videokuzatuv qamrovini kengaytirish, patrullik nazoratlarini kuchaytirish masalalari ham alohida eʼtiborga olindi.
Aniqlangan kamchiliklar tanqidiy muhokama qilinib, ularni bartaraf etish, xizmat samaradorligini oshirish va tezkor vaziyatni barqaror saqlash maqsadida masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Eslatib oʻtamiz, Respublika boʻylab, jumladan Toshkent viloyatida ham fuqarolar tinchligi va osoyishtaligini taʼminlashga qaratilgan “Dolzarb 20 kunlik” tezkor-profilaktik tadbirlar davom ettirilmoqda.