4 Mart 2024 yil 16101

Abdukarim Yulbarisov

Abdukarim Yulbarisov 1954-yil 4-mart kuni Toshkent viloyatining O'rta Chirchiq tumanidagi Oʻrtasaroy (hozirgi paytda Abdukarim Yulbarisov nomidagi) qishlogʻida tugʻilgan.

1972-1974-yillarda harbiy xizmatda boʻlgan. 1975-yili ikki yillik militsiya maktabini tamomlab, ichki ishlar organlari safida faoliyat ko'rsata boshlagan. Xizmat jarayonida Toshkent davlat universitetining yuridik fakultetida sirtdan tahsil olgan. 1977-2003-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligining bir qator viloyat boshqarmalari va tuman boʻlimlarida mas'uliyatli lavozimlarda sidqidildan xizmat qilgan.

2003-yili qurollangan jinoyatchini zararsizlantirish va qoʻlga olish chog'ida halok bo'lgan. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga binoan Abdukarim Yulbarisov vafotidan so'ng «Jasorat» medali bilan mukofotlangan.

Polkovnik. Bunday yuksak unvon hech bir xodimga o'z-oʻzidan berilmaydi. Bu darajaga erishish uchun necha yillar zahmat chekish, el-yurt osoyishtaligini ta'minlash yoʻlida tunlarni o'tkazish, vaqti kelganda esa jasorat va matonat koʻrsatishga toʻgʻri keladi. Ana shu unvonga munosib deb topilgan insonlar buni yaxshi his qilishadi. Koʻp yillar ichki ishlar tizimida turli mas'ul lavozimlarda samarali faoliyat ko'rsatgan polkovnik Abdukarim Yulbarisov, ta'bir joiz boʻlsa, jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida oʻziga xos maktab yaratishga erishgan edi. Shu bois u hamkasblarining hurmatiga, el-yurtimizning mehriga sazovor boʻldi. Zotan, Abdukarim Yulbarisov qaysi hududda xizmatni olib borsa, tez orada o'sha yerda jinoyatchilik keskin kamayar, aholining osoyishta hayoti ta'minlanar edi. A.Yulbarisov yigirma olti yillik xizmati davomida Toshkent shahrining Bektemir, Mirzo Ulug'bek tumanlari, Toshkent viloyatining To'ytepa, Oqqoʻrgʻon, Ohangaron tumanlari va Sirdaryo viloyati ichki ishlar organlarida mas'uliyatli lavozimlarda xizmat qildi. Huquq-tartibot sohasida ulkan bilim va tajriba toʻplagani inobatga olinib, 2001-yili u Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasining boshlig'i etib tayinlandi.

O'sha paytlarda men boshqarma kotibiyatida katta referent vazifasida ishlardim, - deya hikoya qiladi podpolkovnik Abbos Uzoqov. Bir kuni Abdukarim aka xizmat yuzasidan Chiroqchi tumaniga yo’l oldi. Oradan uch-to'rt soat o'tgach menga qo'ng'iroq qilib, xizmat uyidan oʻziga boshqa oyoq kiyimi olib kelib qo'yishni tayinladi. Topshiriqni bajardim. Kechga yaqin u kishi kutilmaganda boshqarmaga yalangoyoq holda qaytib keldi. Keyinchalik ma'lum bo'lishicha, Abdukarim aka o'sha kuni dalada rezina etigini yechib qoʻyib ishlayotgan dehqonga duch kelibdi. Uning oldiga borib, buning sababini so'rabdi. «Oilada joʻjabirday jonmiz, debdi dehqon, etigimni hadeb kiyaversam tez eskiradi, keyin xarajatim ham koʻpayadi». Bu gapdan ta'sirlangan polkovnik dehqonga o'zining kiyib yurgan poyabzali bilan cho'ntagidagi bor pulini berib kelibdi. Abdukarim aka ana shunday ajoyib inson edi...

Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasining faxriylar kengashi raisi, iste'fodagi polkovnik Sodiq Islomovning ta'kidlashicha, polkovnik Abdukarim Yulbarisov viloyatga kelgan dastlabki kunlaridanoq oʻzini shu yurtning farzandidek his qilib, g'ayrat bilan ishga kirishib ketadi. U kishi eng chekka qishloqlarga ham borib, oddiy odamlarning yashash sharoiti, muammolarni oʻrganadi va ularga yechim topishda amaliy ko'mak beradi. Bir gal A.Yulbarisov Muborak tumanining chekkarogʻida joylashgan binoning xarob holga tushib qolganiga guvoh boʻladi. Darhol Muborak neft-gaz konlari unitar sho‘ba korxonasi rahbariyati bilan mazkur binoni yoshlar sog'lomlashtirish markaziga aylantirish borasida maslahatlashadi. Taklif ularga ham ma'qul boʻladi. Tez orada mazkur bino tubdan ta'mirlanib, koʻrkam qiyofa kasb etadi. U kishi ana shu sogʻlomlashtirish markazi yonida ichki ishlar idorasining tayanch punkti qurib foydalanishga topshirilishiga ham bosh-qosh boʻladi. Keyinchalik mazkur tayanch punktida yaratilgan shart-sharoitlar, amalga oshirilayotgan ishlar «Eng yaxshi militsiya tayanch punkti» ko'rik-tanlovida ham yuqori baholanadi. Kezi kelganda shuni ham aytish lozimki, Muborak tumanidagi mazkur yoshlar sogʻlomlashtirish markaziga keyinchalik AbdukarimYulbarisov nomi berildi.

2003-yil 9-aprel kuni Chiroqchi tumani ichki ishlar bo'limiga «Beshchashma» qishloq fuqarolar yig'iniga qarashli Arabbandi qishlog'ida aka-uka oʻrtasidagi mojaro otishmaga aylangani haqida tashvishli xabar kelib tushdi. Tuman ichki ishlar bo'limi boshlig'ining birinchi o'rinbosari, mayor Sh.Qurbonov boshchiligida tergov-tezkor guruhi zudlik bilan voqea joyiga yetib borishdi. Ma'lum boʻlishicha, aka-uka Ahror va Mahmarasul Shukurovlar o'zaro tortishib qolishadi. Shundan so'ng Ahror ikkita ov miltig'i bilan uyning chordog'iga yashirinib, ularga qarata oʻq uzishga tushadi. Tergov-tezkor guruhi a'zolarining janjalkash aka bilan olib borgan muzokaralari hech qanday naf bermadi. Shundan so'ng uni qoʻlga olishga kirishildi. Qo'shaloq miltiq bilan qurollangan A.Shukurov ularga faol qarshilik ko'rsatib, hatto mayor Sh.Qurbonovga tan jarohati yetkazishga ham ulgurdi. Bu orada viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig'i A.Yulbarisov boshchiligidagi tergov-tezkor guruhi ham voqea joyiga yetib kelishdi. Shu kuni polkovnik xavfli jinoyatchini qurolsizlantirish va qoʻlga olish vaqtida jasorat va mardlik koʻrsatdi. Biroq, afsuski, u kutilmaganda jinoyatchining otgan oʻqidan ogʻir yaralanib, hayotdan koʻz yumdi.

Ajoyib inson va jonkuyar rahbar, polkovnik Abdukarim Yulbarisovning porloq xotirasi hamkasblari va oddiy insonlarning qalbidaumrbod muhrlanib qoldi. Uning yurtimiz osoyishtaligini ta'minlash yoʻlida qilgan xizmatlari, amalga oshirgan ezgu ishlari hech qachon unutilmaydi. Bugungi kunda qishloq, koʻcha va sog’lomlashtirish maskaniga uning nomi berilgani ham fikrimiz dalilidir.

“Mard o’glonlar nomi barhayot” kitobidan, 2018

Xotira aziz Jasorat mangu — Polkovnik Abdukarim Yulbarisov hayot bo‘lganida bugun 70 yoshni qarshilar edi. Hozirda farzandi Erkin Yulbarisov va nabirasi Jasurxo‘ja Abdukarimov Toshkent viloyati IIO safida namunali xizmat qilib kelmoqda.

Text to speech