1020 mahallaning qariyb teng yarmida umuman jinoyat sodir etilmadi
Yilning oʻtgan 5 oyi davomida Toshkent viloyati IIBB JXX Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida.
Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmasi huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi va uning qoʻyi tizimlari tomonidan xalq tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida bir qator profilaktik tadbirlar amalga oshirilib, ijobiy natijalar qayd etilmoqda.
Xususan, oʻtkazilgan tezkor-profilaktik tadbirlar natijasida joriy yilning 5 oyi davomida sodir etilgan jinoyatlarning 153 tasi shaxsan profilaktika inspektorlari tomonidan fosh etilgan boʻlsa, 46 nafar qidiruvdagi shaxs ushlandi.
5 nafar bedarak yoʻqolgan shaxs topilib, 1 479 nafar shaxs Reabilitatsiya markaziga va 1 357 nafar voyaga yetmagan yoshlar Voyaga yetmaganlar markaziga joylashtirildi.
Bundan tashqari, sogʻliqni saqlash muassasalari hisobida turuvchi ichkilikka ruju qoʻygan, giyohvand hamda tajovuzkor ruhiy-kasallarni yashash manzili boʻyicha “patronaj” xizmati tibbiyot xodimlarini keng jalb etgan holda doimiy oʻrganib borilib, hisobda turgan toʻrt mingdan ortiq shaxsning mingga yaqini majburiy davolash muassasalariga joylashtirildi.
Shuningdek, profilaktika xizmati masʼullari tomonidan mahalla, korxona va taʼlim muassasalarida oʻtkazilgan davra suhbati, jinoyat muhokamasi va koʻrilgan tezkor-profilaktik tadbirlar natijasida viloyatda mavjud 1 020 ta mahallaning 180 tasi yoki 17 foizida jinoyat soni kamayishiga erishilgan boʻlsa, 476 tasi yoki 47 foizida umuman jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmadi.
Hozir kunda mahallalar “qiziq”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratilgan boʻlib, hududda jinoyatchilikni barvaqt oldini olish va jilovlash boʻyicha tizimli ishlar tashkil qilib kelinmoqda.
IIBB Axborot xizmati